Bugun, 13-fevral kuni universitetimiz qoshidagi “Ipak yo‘li” xalqaro ilmiy tadqiqot institutiga Universiti Sains Islam Malaysia delegatsiyasi tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet rektori M.Xolmuxamedov hamda institut direktori M.Yusupova samimiy kutib olib, istiqbolli loyihalar va qo‘shma tashabbuslar yuzasidan mazmunli muloqot o‘tkazdilar.
Ma’lumki, mazkur oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlik aloqalari 2025-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan yilning yoz oylaridayoq hamkorlikning dastlabki samaralari namoyon bo‘ldi. Xususan, bir guruh olim va mutaxassislarimiz Malayziyalik professor-o‘qituvchilar hamda talabalar bilan birgalikda Samarqandda dala tadqiqotlarini amalga oshirdilar. Tadqiqotlar davomida ular Khoja Ahror Vali complex majmuasi, jumladan Nodir Devon-Begi madrasasining tarixiy-me’moriy xususiyatlarini chuqur o‘rgandilar.
Uchrashuv yakunida Ilmiy tadqiqot instituti hamda Universiti Sains Islam Malaysia o‘rtasida hamkorlik memorandumining imzolanishi ikki tomonlama aloqalarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mazkur hamkorlik doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun madaniy meros sohasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish imkoniyatlari kengayadi. Bu esa nafaqat ilmiy salohiyatni mustahkamlash, balki xalqaro ilmiy maydonda o‘zaro ishonch va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.