Haftaning har payshanba kuni Yoshlar munosabati bilan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida rektor hamda talabalarning guruh sardorlari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi.
Universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda talabalar tomonidan ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qator takliflar bildirildi. Jumladan, xorijiy tillarni o‘rganishni yanada kuchaytirish maqsadida til kurslarini tashkil etish, startap loyihalarni boshqarish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, turli tanlov va olimpiadalarni o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, amaliy mashg‘ulotlarni bevosita turizm obyektlarida tashkil etish hamda amaldagi va sobiq diplomatlarni universitetga taklif etib, ular bilan uchrashuvlar o‘tkazish bo‘yicha fikrlar ilgari surildi.
Rektor Muhsinjon Xolmuxamedov talabalar tomonidan bildirilgan aksariyat takliflar yuzasidan amaliy jarayonlar allaqachon boshlanganini hamda yangi tashabbus va g‘oyalar doimo qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida rektor bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan talaba-yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, biznes loyihalarni moliyalashtirish uchun ajratilayotgan imtiyozli kredit mablag‘lari haqida so‘z yuritib, zamonaviy bitiruvchi nafaqat ish izlovchi, balki ish beruvchi bo‘lishi zarurligini alohida qayd etdi.