Rossiya Federatsiyasining Milliy professional va jamoat akkreditatsiyasi markazi (Национальный центр профессионально-общественной аккредитации (Нацаккредцентр)ning taklifiga muvofiq, universitetimizning “Xalqaro biznes va kreativ iqtisodiyot” kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Raximova Nilufar Aminovna joriy yilning 28-30 – oktabr kunlari Vladivostok davlat universitetining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ekspert komissiyasining raisi sifatida faoliyat olib bordi.
Akkreditatsiya o‘zi nima?
Akkreditatsiya lotincha “accredo” “ishonmoq” so‘zidan olingan bo‘lib, taqdim qilinayotgan xizmat sifatining muayyan standartga muvofiqligini rasmiy tasdiqlash jarayonidir.
Xalqaro akkreditatsiya – ta’lim dasturlarini yoki oliy ta’lim muassasasini xalqaro sifat standartlariga muvofiqligini aniqlash jarayonidir. Odatda akkreditatsiya jarayonlari ta’lim dasturlarining xalqaro va Yevropa sifat standartlariga muvofiqligini baholash maqsadida o‘tkaziladi.
Ekspert komissiyasining vazifasi nimadan iborat?
Ekspert komissiyalarining vazifalari quyidagilardan iborat:
- ichki baholash natijalari bo‘yicha olingan ma’lumotlarni ekspertizadan o‘tkazadi va tashqi baholashni amalga oshiradi;
- ta’lim tashkilotidagi ta’lim sifati va mazmunining amaldagi ta’lim standartlari(talablari), akkreditatsiya mezonlari va ta’lim dasturlariga muvofiqligi hamda ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlarining sifati va samaradorligini baholaydi;
- ta’lim sifatini oshirish va ta’lim xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar beradi hamda tashqi baholash natijalari yuzasidan hisobotni tayyorlaydi hamda Akkreditatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuni qayd qilish kerakki, universitetimiz vakillari o‘tgan yillar davomida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha ekspert komissiyasi tarkibida faoliyat olib borgan bo‘lsa, Raximova Nilufar Aminovna xalqaro akkreditatsiya jarayonlarining ekspert komissiyasi tarkibida faoliyat olib borgan universitetimizning birinchi vakili hisoblanadi.
Xalqaro akkreditatsiya agentliklari universitetimiz vakillarini xalqaro ekspert komissiyalariga kiritish bo‘yicha berayotgan takliflari universitetimizning xalqaro jozibadorligi oshib borayotganligining yorqin namunasi deyish mumkin.