“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 1-kurs talabalari ishtirokida “Kitobxonlik madaniyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir davomida talabalar o‘zlari o‘qigan badiiy asarlar haqida fikr almashdilar, o‘z mulohazalarini bildirdilar hamda kitob mutolaasining inson tafakkuri va ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati xususida suhbatlashdilar.
Suhbat jarayonida Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tgan kunlar” asari alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Talabalar asardagi qahramonlar xarakteri, voqealar rivoji va unda ilgari surilgan g‘oyalar yuzasidan o‘z tahlil va xulosalarini bayon etdilar. Ular asar orqali milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va insoniy fazilatlarning badiiy talqini haqida fikr yuritdilar.
Mazkur davra suhbati talabalar o‘rtasida kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish va adabiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qildi. Tadbir ishtirokchilari bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar yoshlarni kitob bilan do‘st tutishga, intellektual salohiyatini oshirishga undashini ta’kidladilar.