Seminar “Smart Tourism Data System” laboratoriyasida tashkil etildi. Mazkur laboratoriya Prezidentning 2024-yil 18-iyuldagi PQ-269-son qaroriga asosan Turizm akademiyasida joylashgan bo‘lib, zamonaviy infratuzilma bilan jihozlangan. “Smart Tourism Data System” laboratoriyasi turizm sohasiga oid ma’lumotlarni chuqur tahlil qilish va shu asosida sohani rivojlantirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilishga ko‘maklashuvchi vosita sifatida xizmat qilmoqda.
Hozirda laboratoriyada respublikadagi turizm obyektlariga tashrif buyuruvchilar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyatini yaratuvchi platformani ishga tushirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari “Admin.sayohat.uz” platformasi ham ishlab chiqilmoqda.
Seminar davomida universitet ilmiy izlanuvchilariga laboratoriyaning texnik imkoniyatlari, unda amalga oshirilayotgan loyihalar hamda ilmiy tadqiqotlarda ushbu resurslardan samarali foydalanish yo‘llari haqida ma’lumot berildi.