“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirib, talabalarning nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari va yetakchi mehmonxona tarmoqlarida bilim va tajriba orttirishlari uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Jumladan, universitetning 4-bosqich talabasi Rustam Erkinov Xitoy Xalq Respublikasida joylashgan Nanjing Institute of Tourism and Hospitality institutida tahsil olib, o‘zining nazariy bilimlarini xalqaro ta’lim muhitida mustahkamladi. Shuningdek, u jahon miqyosida mashhur bo‘lgan Mandarin Oriental Pudong, Shanghai mehmonxonasida ishlab chiqarish amaliyotini muvaffaqiyatli ravishda o‘tab, mehmonxona boshqaruvi, servis xizmati hamda mehmondo‘stlik sohasida ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirdi.
Mazkur ta’lim va amaliyot jarayonlari talabaning kasbiy salohiyatini oshirish, xalqaro mehnat bozori talablariga mos mutaxassis sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu kabi xalqaro dasturlar universitetning raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan strategiyasining yaqqol namunasidir.