2025-yil 3-noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida talabalar uchun “Yoshlar, YUNESKO va moliyaviy savodxonlik” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi. Mazkur tadbir Tillar va global tadqiqotlar kafedrasi tashabbusi bilan, Xalqaro munosabatlar yo‘nalishi 2-bosqich talabasi Y.Abdulayevaning faol ishtiroki asosida tashkil etildi. Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Finlit.uz loyihasi doirasida faoliyat yurituvchi moliyaviy savodxonlik bo‘yicha trener, “Turonbank” ATB Boshqaruv raisi maslahatchisi, “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya” universiteti bitiruvchisi Sh.Qo‘chqarov, shuningdek “Turonbank” vakillari ishtirok etdilar. Tadbir davomida Sh.Qo‘chqarov bo‘lajak diplomatlar uchun diplomatik etiket, xalqaro iqtisodiy madaniyat va kasbiy mas’uliyatning ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u hozirda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi haqida to‘xtalib, ushbu nufuzli xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon miqyosidagi obro‘sini mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi. Shundan so‘ng seminar ishtirokchilariga shaxsiy moliyani boshqarish, kredit va omonatlar bilan ishlash mexanizmlari, hamda moliya va iqtisodiyotdagi zamonaviy tendensiyalar haqida amaliy ma’lumotlar taqdim etildi.