“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 2026-yil 20-aprel kuni “Biz yoshlar korrupsiyaga qarshimiz” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda 2-kurs talaba-yoshlari va ularning tyutorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirayotgan ishlari, islohotlari va erishilayotgan natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat tegishli idoralarning vazifasi, balki har bir vatanparvar insonning vijdoniy burchi ekanligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, talabalarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, o‘z huquq va majburiyatlarini to‘g‘ri anglash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbirning amaliy qismida turli huquqiy vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha tavsiyalar berilib, amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Universitet talaba-yoshlari korrupsiyaga qarshi kurashga faol jalb qilinib, ular universitetda duch kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar to‘g‘risida tegishli bo‘limlarga ma’lumot berishi kerakligi uqtirildi.
Talabalarga nafaqat nazariy bilimlar, balki kundalik hayotda halollik, adolat va qonun ustuvorligi tamoyillariga amal qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar ham singdirib borilayotgani qayd etildi. Korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uning oldini olish choralari hamda yoshlarning bu boradagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.