Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalar boʻyicha “Oʻzbekiston-Eron” xalqaro qoʻshma tanlovi
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni qabul qilish uchun Eron Islom Respublikasining Eron milliy tadqiqot fondi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston-Eron” xalqaro qoʻshma tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Tanlovga kelib tushgan loyihalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorda belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
Fan yo‘nalishlari | Tanlov yo‘nalishlari |
1. Qishloq xo‘jaligi fanlari | 1. Suv resurslarini tejash va irrigatsiya texnologiyalari. 2. Qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli o‘simliklarni yaratish uchun gen muhandisligi. 3. Cho‘llanish va chang miqdorini kamaytirish. |
2. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi | |
3. Yer to‘g‘risidag fanlar | 1. Noyob yer elementlarini aniqlash va qayta ishlash. 2. Ilg‘or materiallar 3. Konchilik va metallurgiya |
4. Texnika fanlari | |
5. Kimyoviy texnologiyalar va nanotexnologiyalar |
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ilmiy jamoa Eron tomonidan loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkor topishlari va ikki tomonda eʼlon qilingan tanlov shartlari boʻyicha bir xil mavzuga mos loyihalarni taqdim qilishlari lozim. Tanlovning barcha bosqichlarida ikki tomondan ham ijobiy natijaga ega loyihalargina keyingi bosqichga oʻtkaziladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2025-yil 4-dekabrdan 2026-yil 3-fevralga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
1. Tanlovda amaliy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin.
2. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin.
3. Amaliy tadqiqot loyihalari boʻyicha ijrochi tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi majlisining bayonidan koʻchirmada va bajarilishi rejalashtirilgan amaliy tadqiqot loyihasi yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natija (yakuniy mahsulot, yangi ishlanma, texnologiya) qayd etilishi (asoslab berilishi) lozim.
4. Tanlovga bajarish muddatlari 3 yilgacha boʻlgan loyihalar qabul qilinadi.
5. Loyihani amalga oshirish boʻyicha ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi (o‘zbek tomoni uchun), qoida tariqasida 45 yoshdan oshmasligi kerak. (Ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi barcha ijrochilarning yoshini oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi).
6. Erondagi hamijrochi tashkilot va loyiha talabnomasi to‘g‘risida ma’lumot sifatida ilova qilinishi lozim.
7. Loyiha talabnomasi maʼlumotlari Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali kiritiladi va ijrochi tashkilotning masʼul rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
8. Amaliy tadqiqot loyihasining umumiy qiymati bir tomon uchun 150 000 AQSh dollari (o‘zbek tomoni uchun BHMning 4300 baravari) dan oshmasligi lozim.
9. Tanlovga taqdim etiladigan amaliy tadqiqot loyihalari yakunida axborot tizimini ishlab chiqish, kompleks foydalanishga asoslangan dasturiy mahsulotlar, veb platformalar, mobil ilovalar yaratishga qaratilgan boʻlsa quyidagilar talab qilinadi:
- yaratiladigan dasturiy mahsulot uchun Adliya vazirligining intellektual mulk departamenti tomonidan oʻrnatilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va EHM uchun yaratilgan dastur guvohnomasini olish vazifasi loyiha talabnomasida aks etishi;
- dasturiy mahsulotning loyiha yakunlangandan soʻng, uzluksiz ishlashi va zarur hollarda maʼlumotlarni yangilab borish;
- loyiha talabnomasida kamida 3 (uch) yillik “hosting” va “domen” (mobil ilova boʻlsa, mobil ilovalar doʻkoniga joylashtirish) xarajatlarini “loyihaning boshqa shu kabi xarajatlar” bandiga kiritish.
Eslatma:
1. Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida taqdim etib boriladi.
2. Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq ekspertizadan oʻtkaziladi.
3. Tanlovga taqdim etiladigan loyiha talabnomalari loyiha rahbarining ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish tizimida (id.ilmiy.uz) roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshiriladi. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan, ijrochi tashkilot rahbarining masʼul oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanmagan loyiha talabnomalari tanlovga qabul qilinmaydi.
Loyiha talabnomalarini shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimlari: +99871 203-32-23 (211, 219, 413, 425, 246).