2026-yil 26-yanvar kuni universitetimizda turizm va madaniy meros sohalari vakillari ishtirokida navbatdagi — ikkinchi seminar bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir doirasida Xorazm viloyati Turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi M.Rahimov “Xorazm viloyatining turizm salohiyati” mavzusida mazmunli va qiziqarli ma’ruza bilan ishtirok etdi.
Ma’ruzachi o‘z chiqishida Xorazmning betakror va boy madaniy merosi, turizm sohasida kuzatilayotgan zamonaviy rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, hududda turizm industriyasini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli investitsiya imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Taqdim etilgan fikr va tahlillar tadbir ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Seminar universitetimiz talabalari hamda professor-o‘qituvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otib, ilmiy va amaliy fikr almashuvlar uchun muhim maydonga aylandi. Tadbir universitet prorektori, professor Toni Zou tomonidan olib borildi. Ma’ruza davomida Xivaning qadimiy shahrida madaniy merosni asrab-avaylash, uni turizmda samarali va barqaror tarzda foydalanish masalalari yuzasidan jonli va samarali muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar Ipak yo‘llari bo‘ylab barqaror meros turizmi bo‘yicha UNESCO kafedrasi hamda “Journal of Silk Road Tourism Studies” ilmiy jurnali tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.