Prezident Shavkat Mirziyoyevning 5-fevral kuni qabul qilingan qaroriga ko‘ra, joriy yilda yurtimizda buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat hamda san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi.
Qarorga muvofiq, har yili aprel oyi yurtimizda “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilindi.
Joriy yilning 9–10-aprel kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.
Shuningdek, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matni fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etiladi.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan pochta markalari va konvertlar, taqvimlar hamda ko‘rgazmali axborot vositalari turkumi yaratiladi, esdalik, kumush va oltin yubiley tangalari muomalaga chiqariladi.