2025-yil 17-iyul kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Yevroosiyo yuragiga sayohat – 2025” xalqaro loyihasi doirasida Rossiya Federatsiyasi hamda qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan ekspertlar delegatsiyasi ishtirokida seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir PRO WB tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi bilan tashkil etilgan bo‘lib, “Wildberries Uzbekistan: Biznesni boshlash va kengaytirish” mavzusiga bag‘ishlandi. Seminar Samarqand shahrida faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar, Wildberries platformasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar hamda universitetda tahsil olayotgan va o‘zining kichik biznes faoliyatini yo‘lga qo‘ygan talabalar qatnashuvida o‘tkazildi. Umumiy hisobda 100 dan ortiq ishtirokchilar seminar ishida faol ishtirok etdilar.
Seminarda PRO WB markazining O‘zbekistondagi Tadbirkorlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash markazi ekspertlari – Pazliev Kamoliddin Xayriddinovich hamda Zokirov Timur Ilgizarovich tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi. Unda Wildberries onlayn savdo platformasida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sotuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tish tartibi, hamkorlik modellari, mahsulotlarni ilgari surish, biznesni rag‘batlantirish va samarali faoliyat olib borishning amaliy jihatlari xususida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mazkur seminar ishtirokchilar uchun amaliy bilim va ko‘nikmalarni oshirish, shuningdek, xalqaro savdo platformalari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etdi..