Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida “Kelajakka qadam markazi” tashabbusi bilan navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Unda "O‘zmilliybank" AJ Samarqand viloyati bosh boshqarmasi "Kelajakka qadam markazi" menejeri U. Amanbayev, "Yoshlar – kelajagimiz" jamg‘armasi viloyat filiali bosh mutaxassisi S. Saloxiddinov hamda "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi markaz vakillari ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-61-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil qilindi.
Uchrashuv davomida bitiruvchi talabalar tomonidan ishlab chiqilgan startap va biznes loyihalari ko‘rib chiqilib, ularni moliyalashtirish tartibi, imtiyozli kredit olish shartlari hamda rasmiylashtirish bosqichlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berishdi.
Bugungi kunga qadar markaz tomonidan bitiruvchi yoshlarning imtiyozli kredit olish jarayonida amaliy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Hozirgacha jami 13 nafar bitiruvchi o‘z startap va biznes g‘oyalarini taqdim etgan bo‘lib, shundan 9 ta loyiha “O‘zmilliy bank” tomonidan ma’qullangan. Mazkur loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun ularga jami 120 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Ushbu tashabbus yoshlarning o‘z biznesini boshlashi, bandligini ta’minlash va kelajakda raqobatbardosh tadbirkor bo‘lib yetishishlari uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.