4-noyabr kuni sessiya doirasida Samarqand shahrida Oliy ta’lim sohasidagi malakalarni tan olish bo‘yicha YuNESKOning Global konvensiyasini O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Mazkur muhim hujjat O‘zbekistonning jahon ta’lim maydonidagi nufuzini yanada oshirib, milliy diplom va malakalarning xalqaro darajada tan olinishini ta’minlaydi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Sharipov Kongratbay hamda YuNESKO Bosh direktorining o‘rinbosari Stefaniya Giannini nutq so‘zladilar. YuNESKOga a’zo davlatlarning rasmiylari, olimlari, rektorlari malakalarni o‘zaro tan olish masalalarini muhokama qilish uchun yig‘ildilar.
Mazkur tadbirda universitetimizning ma’muriy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori professor Nasimov Dilromud hamda ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori professor Tongqian Zou ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi YuNESKO tomonidan Oliy ta’lim sohasidagi malakalarni tan olish bo‘yicha Global konvensiyaning 39-ishtirokchi davlati sifatida qabul qilindi.
Konvensiya orqali mamlakatimizda ta’lim olgan yoshlar nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, olimlar, muhandislar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun xalqaro ilmiy hamkorlik eshiklari keng ochiladi. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi universitetlar xorijiy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar, ilmiy loyihalar va akademik almashinuvlarni kengaytiradi.
Mazkur qadam milliy ta’lim tizimini jahon standartlariga yaqinlashtiradi va inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi.