Bugun, 23-oktabr kuni universitetimiz хotin-qizlar maslahat kengashi tomonidan Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi, universitet psixologi hamda tyutorlar hamkorligida talaba-qizlar uchun “Buvijonim ma’rifati” mavzusida ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor” degan hikmatli naql bor. Darhaqiqat, buvijonlari bor xonadonlarda yoshlarga, ayniqsa qiz bolalarga, hayot saboqlari, oilaviy qadriyatlar va ezgulik ruhida tarbiya berish jarayoni yanada samarali kechadi.
Tadbir davomida so‘z olganlar buvijonlarning hayotiy tajribasi, ularning sabr-toqati va donoligi yoshlar uchun bebaho maktab ekani haqida so‘z yuritdilar. Shuningdek, talaba-qizlar o‘z buvijonlari bilan yaqin bo‘lishi, ularning nasihatlarini tinglab, hayotda o‘z o‘rnini topishda bu tajribalardan foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur ma’rifiy uchrashuv talaba-qizlarda milliy qadriyatlarimizga hurmat, mehr-oqibat va oilaviy an’analarni asrab-avaylash ruhini yanada mustahkamladi.