Ish beruvchilarning bitiruvchi talabalarimizga bo‘lgan qiziqishi yanada ortmoqda
2026-yil 7-may kuni “Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan “Karyera kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda universitetning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakldagi jami 424 nafar bitiruvchilar ishtirok etishdi. Tadbirga turizm va madaniy meros sohalarida faoliyat yuritayotgan 35 dan ortiq nufuzli korxona va tashkilotlar, turistik firmalar taklif qilindi.
Tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Turizm boshqarmasi, Milliybank TIF Samarqand viloyati boshqarmasi, Migratsiya agentligi Samarqand filiali hamda viloyat turizm kengashi mutasaddilari ishtirok etishdi. “Karyera kuni” tadbirida so‘z olgan universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov bugungi bitiruvchi ish izlovchi emas, balki ish beruvchi bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, talaba oliygohni bitirar ekan, ikkita xorijiy tilni mukammal egallagan holda diplom olishi va biznes-loyihaga ega bo‘lishi kerakligini alohida qayd etdi.
Ahamiyalisi, bitiruvchilar turli xorjiy tillarda o‘zlarining biznes loyihalari taqdimotlarini o‘tkazishdi. Tadbir davomida korxona va tashkilotlar vakillari bilan bo‘sh ish o‘rinlariga nomzodlik yuzasidan bitiruvchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, bandligi ta’minlanmagan 190 nafarga yaqin bitiruvchlarni kelgusida ish bilan ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bundan tashqari, universitet talabalari tomonidan taqdim etilgan start-up loyihalar Milliy bank tomonidan e’lon qilingan “Kelajak qadami” dasturi doirasida moliyalashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.