Bugun ertalabdan universitetimizda boshlangan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami tadbirlari faollar zalida davom etdi. Bayramda professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talaba-qizlar ishtirok etishdi.
Tadbirni universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov ochib, barcha professor-o‘qituvchilarni va talaba-qizlarni samimiy tabrikladi. Rektor o‘z nutqida Prezidentimizning Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazgan muloqoti davomida belgilab berilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi va universitetimiz bitiruvchilari nafaqat yetuk mutaxassis, balki bir nechta xorijiy tillarni biladigan, raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishi lozimligini alohida ta’kidladi.
Bayram davomida o‘quv yili mobaynida ilm-fan va tashkiliy ishlarda faollik ko‘rsatgan bir guruh professor-o‘qituvchilarga, texnik xodimlarga hamda davlat stipendiyasi sovrindorlariga, turli tanlovlar g‘olibi bo‘lgan talaba-qizlarga tashakkurnomalar topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida tyutоrlar va talabalar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, barchaga bayramona kayfiyat ulashildi.