Turkiyaning eng yirik transmilliy konglomeratlaridan biri – “Anadolu Group” O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoatiga yirik integratsiyalashuvni amalga oshirdi. Dunyoning 20 ta mamlakatida 8 ta turli sektorda faoliyat yurituvchi, 6 ta Ar-Ge markazi, taxminan 100 ta ishlab chiqarish korxonasi va 100 000 dan ziyod xodimiga ega ushbu sanoat giganti tarkibiga kiruvchi “Anadolu Isuzu” kompaniyasi Samarqanddagi “SamAuto” MCHJ QKning 75,2% davlat ulushini sotib olib, strategik qadam tashladi.
“SamAuto” Bosh direktori Neşet Fatih Vural Samarqand shahridagi nufuzli “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga rasmiy tashrif buyurib, universitet rektori Muhsinjon Xolmuhamedov bilan uchrashdi. Uchrashuvda oliy ta’lim va sanoat hamkorligini yangi bosqichga olib chiquvchi dual ta’lim tizimini joriy etish hamda bitiruvchilarni kafolatlangan ish bilan ta’minlash bo‘yicha rasmiy kelishuvga erishildi.
Muhsinjon Xolmuhamedov, Rektor: “Bugungi kunda oliy ta’lim oldida turgan eng muhim vazifa – faqat nazariy bilim berish emas, balki mehnat bozorida haqiqiy raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdir. “Anadolu Group” va “SamAuto” kabi global ishlab chiqarish gigantlari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan dual ta’lim tizimi talabalarimizga o‘qish davridayoq xalqaro korporativ muhitni his qilish va ilg‘or texnologiyalar bilan ishlash imkonini beradi. Ushbu hamkorlik shartnomasi bitiruvchilarimiz uchun kafolatlangan va yuqori daromadli ish o‘rinlariga ochilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshik bo‘ladi”.
Neşet Fatih Vural, “SamAuto” Bosh direktori: “Anadolu Group” o‘zining “Vision 2035” strategik rejasi doirasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasiga uzoq muddatli investitsiya kiritishni maqsad qilgan. Biz faqat ishlab chiqarish quvvatlarini emas, balki inson kapitalini ham rivojlantirish tarafdorimiz. “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bilan hamkorligimiz kompaniyamizni eng iqtidorli, zamonaviy fikrlaydigan va g‘ayratli yosh kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Biz talabalarni nafaqat amaliyotga qabul qilishga, balki ularni kelajakda xoldingimizning global yetakchilariga aylantirishga tayyormiz”.
Muzokaralar yakunida yaqin kunlarda rasmiy hamkorlik shartnomasini imzolash va amaliy harakatlar rejasini tasdiqlash belgilab olindi.