Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi tadbirlarga tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda. Shu munosabat bilan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ko‘ngilli tarjimonlar uchun seminar-trening tashkil etildi. Seminarda talabalar xorijiy tillarda so‘zlashuvchi mehmonlar bilan samarali muloqot qilish, matn tarjimasi, og‘zaki tarjimonlik, madaniy tafovutlarni chuqur tushunish va konferensiyada bajarilishi kutilayotgan vazifalarga tayyorlanish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarni o‘zlashtirdilar. Ushbu tayyorgarlik nafaqat tarjimon sifatida malakani oshirishga, balki universitet vakillari sifatida xalqaro maydonda munosib ishtirok etishga xizmat qiladi, yurtimizning boy madaniy merosini va mehmondo‘stligini dunyo miqyosida namoyon etishga imkon yaratadi.