2025-yil 22–23-sentabr kunlari “Cheber: Qirg‘izistonda ko‘nikmalarni rivojlantirish” hamda “VET4UZ” loyihalari doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Bishkek shahriga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida rasmiy va norasmiy kasbiy ta’lim hamda o‘qitish bo‘yicha tajriba almashildi.
Delegatsiya tarkibida Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi, Professional ta’limni rivojlantirish instituti, Milliy sifatni ta’minlash agentligi va boshqa qator muassasa vakillari bilan bir qatorda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Professional ta’lim muassasalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i J.Xolboyev ham ishtirok etib, Qirg‘izistondagi kasbiy ta’lim va o‘qitish tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur tashrif doirasida amalga oshirilgan uchrashuv va muloqotlar nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi, balki Markaziy Osiyo miqyosida yangi qo‘shma tashabbuslar va hamkorlik loyihalari uchun keng imkoniyatlar ochdi.