Bugun, 5-fevral kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda Turizm Akademiyasi jamoasi ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Aqqulov so‘zga chiqib, bugungi kunda turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining soha rivojiga qaratilgan qaror va farmonlarining ijrosi, shuningdek, ushbu yo‘nalishda universitet va Turizm Akademiyasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar hamda kelgusidagi rejalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Abdulaziz Aqqulov 2026-yil 23-yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida joylashgan turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyati bilan tanishuvi davomida sohani yanada rivojlantirish yuzasidan bergan topshiriqlari hamda universitetning mazkur yo‘nalishda yetakchi oliy ta’lim muassasasi bo‘lishi borasida belgilab berilgan vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.
Yig‘ilish davomida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida faoliyat yuritib kelayotgan Xolmuxamedov Muhsin Murodullaevich “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori etib tayinlandi.
Yig‘ilishda universitet rektori Muhsin Xolmuxamedov so‘zga chiqib, oliygohning akademik va ilmiy faoliyatini yanada rivojlantirish, ta’lim sifatini yuksaltirish hamda belgilab berilgan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan universitet professori Jo‘liboy Eltazarov hamda ma’muriy masalalar bo‘yicha birinchi prorektor Dilmurod Nasimov o‘z fikr va mulohazalarini bayon etdilar.