2026-yil 17-fevral kuni universitetimizda Xitoyda Yangi yil munosabati bilan ilmiy-amaliy seminar va madaniy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbir ilm-fan va madaniyat uyg‘unligini o‘zida mujassam etgan holda, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Tadbir universitet rektori Muhsinjon Xolmuhamedov bilan uchrashuvdan boshlandi. Rektor o‘z nutqida ishtirokchilarni samimiy qutlab, xitoylik professor-o‘qituvchilar va talabalarni Xitoy Yangi yili bilan muborakbod etdi. Shuningdek, u bugungi globallashuv davrida xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi. Seminarning asosiy qismida “Xalqaro ilmiy bazalardan foydalanish va ilmiy maqolalar chop etish” mavzusida ma’ruza mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Unda Springer Nature, Web of Science, ResearchGate, Academia.edu hamda Google Scholar platformalaridan samarali foydalanish, ilmiy jurnallarni tanlash, maqolalarni rasmiylashtirish va nashr jarayonining muhim bosqichlari yuzasidan batafsil amaliy tavsiyalar berildi. Mashg‘ulot Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markazi mutaxassislari tomonidan Zoom platformasi orqali olib borildi. Tadbirda professor-o‘qituvchilar, yosh tadqiqotchilar hamda doktorantlar faol qatnashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.