Bugun, 27-fevral kuni universitetimizda rektor va talabalar o‘rtasida samimiy va ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda asosan birinchi kurs talabalari, tyutorlar va tegishli bo‘lim rahbarlari ishtirok etdi.
Universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov yig‘ilishni ochib, avvalo Prezident Shavkat Mirziyoyevning 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotidagi muhim g‘oyalar va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
Rektor o‘z talabalik yillaridagi sharoitlarni eslatib, o‘sha paytda kitob va zamonaviy ta’lim vositalari yetishmasligi, ko‘plab iqtidorli yoshlarning o‘qishga kira olmagani haqida gapirdi.
“Hammamizga bir xil 24 soat berilgan. Kim undan unumli foydalansa, aynan o‘sha yutuqqa erishadi”, – dedi Muhsinjon Xolmuxamedov.
Bugungi kunda yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgani, endi asosiy vazifa – bu imkoniyatlardan to‘g‘ri va samarali foydalanish ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida talabalar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi. Xususan, startap loyihalar klubi va karera auditoriyasini tashkil etish bo‘yicha g‘oyalar ilgari surildi. Rektor Muhsinjon Murodullaevich bu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, rektor bitiruvchilar nafaqat diplom olish, balki zamonaviy mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lish uchun kamida bitta kasbiy malaka va xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
Uchrashuv savol-javoblar, erkin fikr almashinuv va qiziqarli takliflarga boy bo‘ldi. Bu muloqot yana bir bor universitet jamoasining yoshlarni chuqur bilim va zamonaviy malaka bilan tarbiyalash yo‘lidagi ulkan maqsadlarini namoyon etdi.