O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi "Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ–161-son qarori ijrosini ta'minlash maqsadida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan gid-ekskursovodlar uchun masofaviy malaka oshirish seminarlari tashkil etildi.
Joriy yilning 20–24-iyul kunlari Zoom platformasi orqali o'tkazilgan 20 soatlik o‘quv seminarlarida tinglovchilarning gid-ekskursovodlik faoliyatiga oid nazariy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini zamonaviy talablar asosida takomillashtirishga qaratilgan mavzular yoritildi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga gid-ekskursovodlik faoliyatining huquqiy asoslari, xizmat ko‘rsatish madaniyati va kasbiy etika, ekskursiyalarni tashkil etish metodikasi, turistlar bilan samarali muloqot, madaniyatlararo kommunikatsiya, turistlar xavfsizligini ta'minlash hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Seminar-treninglarda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining professor-o‘qituvchilari hamda soha mutaxassislari ma'ruza qildilar.
O‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining sertifikatlari topshirildi.
Mazkur seminarlar gid-ekskursovodlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, turizm xizmatlari sifatini yanada oshirish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining turistik salohiyatini samarali targ‘ib etishga xizmat qiladi.