Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar va universitet jamoasi!
Joriy yil 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, universitetimizda 2026-yilga mo‘ljallangan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
1. O‘quv markazlari va ta’lim sifati
2026-yil yakuniga qadar Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarida 15 ta o‘quv markazi tashkil etiladi. Ushbu markazlar 20 nafar professor-o‘qituvchi va 50 nafar talaba ishtirokida faoliyat yuritadi. Markazlar huquqiy va metodik jihatdan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi hamda 1 000 dona o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanadi.
Bitiruvchilarning 100 foizi kamida 2 ta zamonaviy kasbiy malakaga, 80 foizi esa xalqaro til sertifikatlariga ega bo‘lishi ta’minlanadi.
2. Talabalar tadbirkorligi va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash
6 ta tijorat banki bilan hamkorlik doirasida 2026-yilda 150 ta talabalar biznes loyihasi imtiyozli kreditlar bilan ta’minlanadi. Har chorakda “Startap-loyiha” tanlovi o‘tkazilib, eng yaxshi 15 ta loyiha 60–120 mln so‘m miqdorida moliyaviy rag‘batlantiriladi. Bank mutaxassislari tomonidan doimiy maslahat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
3. Amaliyot va ish bilan ta’minlash
2026–2027 o‘quv yilida 70 ta turistik kompaniya, 40 ta mehmonxona va 30 ta muzey bilan hamkorlik shartnomalari tuziladi. 700 nafar talaba amaliyot bilan qamrab olinadi. Amaliyot yakunida kamida 400 nafar bitiruvchining ish bilan ta’minlanishiga erishiladi. Talabalar bandligi 95 foizga yetkaziladi.
4. Ilmiy va innovatsion rivojlanish
Turizm akademiyasida mavjud laboratoriyalar modernizatsiya qilinib, yangi zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi. 35 ta startap loyiha qo‘llab-quvvatlanadi. Har yili 3 marotaba ilmiy tanlovlar o‘tkazilib, eng yaxshi loyihalar moliyaviy rag‘batlantiriladi. 70 ta ilmiy maqola xalqaro jurnallarda chop etiladi hamda 15 nafar iqtidorli talaba xorijiy stajirovkaga yuboriladi.
5. Xalqaro hamkorlik va raqamli transformatsiya
15 ta xorijiy turizm yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Har yili 70 nafar talaba xalqaro almashinuv dasturlarida ishtirok etadi.
2026-yilda universitet auditoriyalari to‘liq raqamli texnologiyalar bilan jihozlanadi, 10 ta onlayn kurs ishlab chiqiladi hamda hujjat aylanishi to‘liq raqamlashtiriladi.
6. Asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar
2026-yil yakuniga qadar:
turizm sohasiga qo‘shilayotgan hissa 35 foizga oshiriladi;
talabalar bandligi 95 foizga yetkaziladi;
no-byudjet daromadlar 45 foizga ko‘paytiriladi;
xalqaro reytinglarda 60 pog‘onaga yuqorilash ta’minlanadi.
Ko‘ksaroyda belgilangan 45 ta vazifa va 25 ta maqsadli ko‘rsatkich ijrosi shaxsan nazoratimda bo‘ladi.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, omad va ilm yo‘lida ulkan zafarlar tilayman.
Hurmat bilan,
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori
Xolmuhamedov Muhsinjon Murodullayevich