Maxsus imkoniyatlar
Shrift
Kontrast
Ovoz
logo "Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti

Rektor tabrigi

14.09.2026 1 daq o'qish 203

Rektor tabrigi

Aziz talabalar,

Bugun men shunchaki yangi talabalar safini emas, balki yuzlab yozilmagan taqdirlarni — turizm sohasining bo‘lajak yetakchilari, tadqiqotchilar, meros bo‘yicha mutaxassislar, novatorlar va dunyo fuqarolarini ko‘rib turibman.

Siz uchun bu — universitetdagi ilk kun. Bu yo‘l boshlanishi uchun qanday ajoyib marra — Samarqand! Asrlar davomida bu yerga odamlar ipak, qo‘lyozmalar, g‘oyalar va e’tiqodlar ko‘tarib kelishgan. Madaniyatlar to‘qnashgan, bir-biridan o‘rgangan va bir-birini boyitgan.

Alisher Navoiy yozganidek: “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.” Ya’ni: Atrofimizdagi insonlar tashvishi bilan yashamas ekanmiz, o‘zimizni to‘liq ma’noda inson deb atay olmaymiz.

Ushbu dargohdagi yillaringiz davomida bu hikmatni qalbingizda saqlaysiz degan umiddaman. Zero, ta’lim — bu faqat shaxsiy yutuqlarga erishish degani emas. Bu, shuningdek, o‘zgalar farovonligiga hissa qo‘shish demakdir.

Siz ushbu universitetga O‘zbekiston uchun favqulodda muhim bir davrda qadam qo‘ymoqdasiz. Mamlakatimiz o‘z oldiga ulkan milliy maqsad qo‘ydi: 2030-yilga borib 20 million xorijiy turistni qabul qilish va turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish. Biroq bu qarash faqat raqamlardan iborat emas. Bu — sifat, jahon andozalariga mos mehmondo‘stlik, raqamli va aqlli turizm, yuqori malakali mutaxassislar, barqaror turizm yo‘nalishlari hamda ijodiy sanoat demakdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda turizmni “ishonch iqtisodiyoti”ni shakllantirishga qodir bo‘lgan “gumanitar poydevor” deb ta’rifladi. Turizm — bu oddiy tabassum diplomatiyaga aylanadigan, mehmondo‘stlik butun bir millat qiyofasini belgilaydigan va ikki inson o‘rtasidagi bitta uchrashuv bir madaniyatning boshqa madaniyatni tushunishini o‘zgartira oladigan sohadir. Bo‘lajak kasbingiz nega shunchalik muhimligi ham, ushbu universitetning qadri ham shunda.

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetidagi vazifamiz shunchaki sizni o‘zgarib borayotgan dunyoda ish topishga tayyorlashdan iborat emas. Bizning eng katta mas’uliyatimiz — sizni o‘sha dunyoni ijobiy tomonga o‘zgartirishga tayyorlashdir.

Universitetimizning 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasi bu intilishni aniq aks ettiradi: Biz bu universitetning bilim, madaniyat va sivilizatsiyalarning jonli laboratoriyasiga aylanishini xohlaymiz. Strategiyamiz akademik va ilmiy mukammallik, raqamli innovatsiyalar, xalqaro hamkorlik, talabalar muvaffaqiyati hamda kuchli, dunyo miqyosida tan olingan dargoh barpo etish majburiyatini oladi.

Lekin strategiyalar universitetlarni o‘zgartirmaydi. Buni odamlar amalga oshiradi, siz amalga oshirasiz! Ishonamanki, bu imkoniyatlar aynan bugundan boshlanadi!

Xalqaro talabalarimizga: Kelajagingizning bir qismini O‘zbekistonga va universitetimizga ishonib topshirganingiz uchun tashakkur. Siz bu yerda mehmon emassiz. Siz akademik jamiyatimizning to‘laqonli a’zosisiz.

O‘zbekistonlik talabalarimizga: Sizning zimmangizda alohida mas’uliyat bor. Yoningizda tahsil olayotgan har bir xalqaro talaba siz orqali O‘zbekistonning zakovati, saxovati, qadr-qimmati va afsonaviy mehmondo‘stligini his etsin.

Bugungi kundan boshlab “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining obro‘-e’tibori faqat binolarimiz yoki reytinglarimiz bilan o‘lchanmaydi.

U siz kashf etadigan bilimlar, insonlarga bo‘lgan munosabatingiz va jamiyatga qo‘shadigan hissangiz bilan shakllanadi.

2026–2027-o‘quv yili har biringiz uchun unutilmas, buyuk kashfiyotlar va ulkan imkoniyatlarga boy ajoyib yo‘lning boshlanishi bo‘lsin.

Aziz talabalar, yangi yo’lingiz muborak bo’lsin!

Hurmat bilan,
Muxsinjon Xolmuxamedov, “Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori

Ulashish: