Samarqand viloyatida turizm salohiyatini yanada keng targ‘ib etish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-135-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida 2025-yil 4-iyun kuni Samarqand tumanining Oqbo‘yro mahallasi hududida joylashgan go‘zal tog‘ maskanida “Xalqaro ekstremal sport turizmi” festivali o‘tkazildi. Mazkur festivalning asosiy maqsadi — hududning tabiiy go‘zalligi, ekstremal turizm imkoniyatlari va turistik salohiyatini keng jamoatchilikka namoyish etishdan iborat bo‘ldi. Tadbir doirasida press-tur tashkil etilib, unda barcha ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi. Festivalda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari ham faol qatnashishdi. Press-tur jarayonida universitetning Turizm kafedrasi dotsenti Feruz Zoxidov ommaviy axborot vositalariga Samarqand viloyatining turizm salohiyati haqida intervyu berdi. Tadbir viloyat va respublika telekanallari hamda blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Ushbu festival nafaqat hududning turizm brendini mustahkamlashga, balki ekstremal turizm yo‘nalishining ommalashishiga ham xizmat qildi.