Viloyat hokimi A.Boboyev tashabbusi bilan 28-apreldan 1-mayga qadar Samarqand viloyatidagi barcha umumta’lim maktablari bitiruvchilari uchun Samarqand shahridagi oliy ta’lim muassasalarida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”ga Bulung‘ur va Jomboy tumanlaridagi maktablarning 300 nafarga yaqin bitiruvchisi tashrif buyurdi.
Tashrif davomida maktab bitiruvchilari universitet faoliyati va ta’lim jarayonlari bilan batafsil tanishdilar. Mehmonlarga oliy dargohda yaratilgan zamonaviy sharoitlar, talabalar uchun mavjud imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ayniqsa, ingliz tilidagi ta’lim jarayonlari, turizm laboratoriyalari va lingofon xonalar o‘quvchilarda “Men ham ushbu universitet talabasi bo‘laman” degan orzu va ishonchni shakllantirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.