“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari uchun 25-iyul kuni sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda kreativ industriyalar yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus infotur tashkil etildi.
Infotur davomida talabalar innovatsion "Magic Mirror" interaktiv installyatsiyasi hamda raqamli qahramon "NazzAR Bobo" imkoniyatlari bilan tanishishdi.
Shuningdek, “Kelajak turizmi: raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov hamda "NazzAR Innovation Group" asoschisi Bobur Rahimov raqamli transformatsiya, smart-turizm, madaniy merosni innovatsion texnologiyalar orqali ommalashtirish va sun’iy intellektning amaliy imkoniyatlari haqida fikr bildirdilar.
Tadbirning amaliy qismida talabalar "Future Lab" va "AI/AR/VR Lab" faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga startap ekotizimi, innovatsion ta’lim dasturlari, sun’iy intellekt vositalari, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, madaniy meros obyektlarini 3D modellashtirish hamda raqamli kontent yaratish bo‘yicha amaliy imkoniyatlar namoyish etildi.
Mazkur infotur talabalarning zamonaviy texnologiyalar haqidagi bilimlarini boyitish, nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlash hamda raqamli turizm va madaniy merosni rivojlantirish yo‘nalishidagi innovatsion yondashuvlar bilan yaqindan tanishishiga xizmat qildi.