“Samarqand – 2025” IV Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi doirasida dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyurgan mohir haykaltaroshlar o‘zlarining betakror mahorati va ijodiy yondashuvlarini namoyon etishdi. O‘nga yaqin davlatdan kelgan mashhur san’atkorlar 12 ta o‘zgacha g‘oya asosida granit toshlarga jon bag‘ishlab, tom ma’noda durdona asarlar yaratdilar.
Bugun, 5-dekabr kuni, haykaltaroshlar tomonidan yaratilgan ushbu san’at namunalaridan iborat ko‘rgazma tashkil qilindi. Tadbir davomida so‘z olgan mutasaddilar asarlarga yuksak baho berar ekan, bunday tashabbuslarning ekologiyani asrash, shahar estetikasini yuksaltirish va turizm salohiyatini oshirishdagi o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladilar.
Simpozium jarayonida universitetimiz talabalarining ishtiroki ham e’tiborga molik bo‘ldi. Ular ko‘rgazmaga qo‘yilgan haykaltaroshlik asarlarini yaqindan tomosha qilib, ijodkorlarning mahorati hamda g‘oyaviy izlanishlari bilan tanishdilar.
Tadbir yakunida barcha haykaltaroshlarga sertifikatlar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Samimiyat, ijod va do‘stlik ruhiga boy ushbu simpozium Samarqandning madaniy hayotida yana bir yorqin sahifa bo‘lib qoldi.