2025/2026-o‘quv yili yakunlari munosabati bilan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida guruh tyutorlarining yillik hisobotlari tinglandi. Mazkur hisobot yig‘ilishi davomida tyutorlarning talabalar bilan olib borgan ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy va tashkiliy faoliyati har tomonlama tahlil qilindi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda tyutorlik instituti oliy ta'lim tizimida talabalarning nafaqat bilim olishi, balki ularning shaxs sifatida kamol topishi, ijtimoiy faolligi va ma'naviy dunyoqarashini yuksaltirishda muhim o‘rin tutmoqda. Shu bois hisobotlar davomida har bir tyutorning o‘quv yili davomida amalga oshirgan ishlari, erishilgan natijalari hamda istiqboldagi rejalari batafsil ko‘rib chiqildi.Hisobotlarda talabalar davomatini nazorat qilish, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bandligini ta'minlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, sport va madaniy-ma'rifiy tadbirlardagi ishtirokini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, vatanparvarlik, qonunlarga hurmat, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, axborot makonida mafkuraviy immunitetni mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarning samaradorligi yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilish davomida universitet rahbariyati tomonidan tyutorlarning faoliyatiga xolis baho berilib, mavjud yutuqlar bilan bir qatorda ayrim yo‘nalishlarda ishlarni yanada takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Kelgusi o‘quv yilida talabalar bilan individual ishlashni kuchaytirish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, iqtidorli hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar bilan ishlash tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida bir yil davomida mas’uliyat va fidoyilik bilan faoliyat olib borgan guruh tyutorlariga minnatdorlik bildirilib, ularning kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyat tilandi.
Tyutorlarning yillik hisobotlarini sarhisob qilish ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda talabalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa kelgusida ta’lim sifatini yanada yuksaltirish va har tomonlama yetuk, tashabbuskor hamda raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.