Universitet Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi tashabbusi bilan “STEAMda olima ayollar kengashi”ning ilk seminari tashkil etildi. Mazkur kengash Science, Technology, Engineering, Arts, Mathematics (ya’ni STEAM) yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ayol olimalar, tadqiqotchilar hamda innovatorlarni birlashtiruvchi kengash hisoblanadi.
Kengashning asosiy maqsadi — ilmiy salohiyatni yuksaltirish, yosh qizlarni ilm-fan sohasiga jalb etish, innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu orqali u nafaqat ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, balki ayollarni zamonaviy texnologiyalar va ijodiy sohalarda faol ishtirok etishga rag‘batlantirishni ham ko‘zda tutadi.
Tadbir davomida Kengash raisi etib universitet Ilmiy tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Mansurova saylandi. Uchrashuvda N. Mansurova yig‘ilganlarga kengashning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari, shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar va kutilayotgan natijalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Seminar doirasida ishtirokchilar ilmiy hamkorlik imkoniyatlari, STEAM sohalarida ayollar o‘rni va ularning jamiyatdagi ijtimoiy-innovatsion faolligini oshirish masalalarini muhokama qildilar. Tadbir yakunida kengash faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, yosh olimalar uchun mentorlik tizimini yaratish va xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.