Bugun, 30-oktabr kuni, Samarqand Davlat universitetida O‘zbekiston va Yaponiyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari, fan arboblari hamda mutaxassislari ishtirokida beshinchi O‘zbekiston–Yaponiya rektorlari forumi o‘z ishini boshladi.
Forumning ochilish marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Hiroshi Masuko, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev (onlayn tarzda), Yaponiya Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kenji Hirata, shuningdek, Nagoya universiteti prezidenti Naoshi Sugiyama ishtirok etib, so‘zga chiqishdi.
Tadbirda ikki davlat o‘rtasidagi ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikning yuksak natijalari, qo‘shma ilmiy loyihalar va akademik almashinuv dasturlarining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Samarqandda o‘tayotgan mazkur nufuzli anjuman ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, ilm-fan va ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.