Menejment (tarmoqlar va sohalar boʻyicha) yo‘nalishi 3 kurs talabasi Sirojiddinova Shahrizoda Davronovna Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi sovrindori sifatida tasdiqlandi. Shahrizoda Davronovna namunali xulqi, a’lo baholarda o‘qishi hamda universitet ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki bilan boshqalardan ajralib turadi. Shuningdek, talaba nafaqat tashkiliy-ijtimoiy ishlarda faolligi, qolaversa, chop ettirgan ilmiy maqola va tezislari orqali tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelmoqda.
Universitetning yana bir iqtidorli talabasi Logistika (yoʻnalishlar boʻyicha) yo‘nalishi 3 kurs, Samiyeva Muxlisa Olim qizi Navoiy nomli davlat stipendiyasi tanlovi g‘olibi sifatida e’tirof etildi. Ushbu talabamiz ham o‘qish faoliyatida, ijtimoiy va ilmiy faollikda yuqori natijalarga erishib kelayotgan yoshlardan hisoblanadi. Sovrindor talabalarga tez orada vazirlik tomonidan tasdiqlangan sertifikatlar berilishi kutilmoqda. Nomli davlat stipendiyalari sohibi bo‘lgan talabalar bakalavriatni tugatganidan so‘ng bir yil mobaynida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadilar.