Shu kunlarda azim va go‘zal Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan YuNESKOning 43-sessiyasi tadbirlarida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining 325 nafar iqtidorli va faol talaba yoshlari faxr bilan ishtirok etmoqda. Talabalarimiz turli bosqichlarda tahsil olayotgan bo‘lsalar-da, ular sessiyaning barcha yo‘nalishlarida — VIP, SIP hamda umumiy darajadagi mehmonlarga xizmat ko‘rsatishda volontyor sifatida faol ishtirok etmoqdalar. Eng ahamiyatlisi, talabalarimiz YuNESKOning asosiy tadbirlari, mehmonxonalar va tarixiy obidalarda amalga oshirayotgan gid-tarjimonlik faoliyatlari mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda. Ular mehmonlar bilan erkin ingliz tilida suhbatlashib, hamrohlik qilayotgani talabalarimizning bilim saviyasi, zehni va kasbiy mahorati qay darajada yuqori ekanligidan dalolat beradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 43-sessiya va uning doirasidagi tadbirlarda 194 davlatdan 5 mingdan ortiq ishtirokchi va YuNESKO kotibiyatidan 400 nafar xodim qatnashmoqda. Bunday nufuzli xalqaro anjumanlarda ishtirok etish, shubhasiz, talabalarimizning kelgusida mukammal bilimga ega, yuqori malaka va madaniyat sohasidagi professional mutaxassis bo‘lib yetishishlarida beqiyos ahamiyat kasb etadi.