Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi: Samarqand viloyatida amaliy o‘rganishlar o‘tkazildi
Ta’lim sifatini baholash va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini aniqlashga qaratilgan mazkur so‘rovnoma bo‘yicha amaliy o‘rganishlar Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan muntazam ravishda davom ettirilmoqda. Ushbu jarayonning navbatdagi bosqichi Samarqand viloyatida tashkil etilib, agentlik va “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti vakillarining hamkorligida amalga oshirildi. O‘rganishlar hududdagi yirik ish beruvchi tashkilot va korxonalarni qamrab oldi.
O‘rganish jarayonida Samarqand xalqaro aeroporti, Samarqand Turizm markazi hamda Registon majmuasiga tashriflar uyushtirildi. Ushbu muassasa va korxonalarda faoliyat yuritayotgan ish beruvchilar bilan suhbatlar tashkil etilib, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarlik darajasi, amaliy ko‘nikmalari, mehnat faoliyatiga moslashish qobiliyati va egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi yuzasidan fikrlar va baholar to‘plandi.
Bundan tashqari, ish beruvchilarning bitiruvchilardagi kasbiy va amaliy kompetensiyalar, ularning samaradorlik ko‘rsatkichlari hamda zamonaviy ish o‘rinlari talablariga moslashish darajasi haqidagi taklif va tavsiyalariga alohida e’tibor qaratildi.
So‘rovnoma asosida shakllanadigan ma’lumotlar ta’lim dasturlarining mehnat bozori talablariga javob berishini baholash, bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligini yaxshilash yo‘nalishlarini belgilash va ta’lim sifatiga oid asoslangan takliflar ishlab chiqish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi orqali ish beruvchilarning haqiqiy ehtiyojlari va talablarini tizimli ravishda aniqlash, ta’lim muassasalari bilan mehnat bozori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ta’lim mazmunini dolzarb kasbiy talablar bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan yondashuvlarni takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Samarqand viloyatidagi o‘rganishlar davomida bildirilgan fikr-mulohazalar tegishli tahlillardan o‘tkazilib, yakuniy so‘rovnoma natijalarini shakllantirishda hisobga olinadi. Agentlik tomonidan muntazam ravishda o‘tkazilayotgan mazkur tadqiqotlar ta’lim sifati va bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.