Universitet o‘qituvchilari FEP Alumni Conference konferensiyasida faol ishtirok etishdi
📅 2026-yil 19-avgust kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining professor-o‘qituvchilari Sanjar Jumanazarov, Madina Yakubova va Gulrux Yusupova American Councils hamda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Toshkent shahrida tashkil etilgan FEP Alumni Conference konferensiyasida ishtirok etishdi.
🎓 Tadbirda turli yillarda Faculty Enrichment Program (FEP) dasturida qatnashgan oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari to‘plandi. Ushbu dastur doirasida o‘zbekistonlik pedagoglar AQShning yetakchi universitetlarida bir semestr mobaynida malaka oshirib, zamonaviy ta’lim usullari va amerikalik hamkasblari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
🌎 Konferensiya davomida FEP bitiruvchilari AQShda olgan bilim va ko‘nikmalarini, shuningdek, ularni O‘zbekiston ta’lim tizimiga moslashtirish bo‘yicha amaliy tajribalarini taqdim etdilar. Shuningdek, Jorjiya shtati kollejlaridan birining professori ma’ruza va amaliy mahorat darsi o‘tkazdi.
🏅 Tadbir yakunida AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ishtirokchilarga sertifikatlarni topshirdi.
🌐 Universitet vakillarining bunday xalqaro tadbirlardagi ishtiroki ularning kasbiy rivojlanishiga, ilg‘or tajriba almashinuviga va zamonaviy pedagogik yondashuvlarni o‘quv jarayoniga joriy etishga xizmat qiladi.