Universitet xodimlari uchun maroqli hordiq
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Kasaba uyushmasi tomonidan universitet xodimlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning madaniy hordiq chiqarishi va jamoaviy muhitni yanada mustahkamlash maqsadida Samarqand tumanining Mironqul hududidagi yangi “Edelweiss Resort” dam olish maskaniga sayohat tashkil etildi.
Samarqand tumanining Mironqul qishlog‘ida joylashgan mazkur maskan hududdagi yangi turistik obyektlardan biri bo‘lib, Ohalik–Oqbo‘yro–Mironqul turistik-rekreatsion zonasining rivojlanib borayotgan salohiyatini namoyon etadi.
Tashrif davomida universitet xodimlari tabiat qo‘ynida maroqli vaqt o‘tkazib, kundalik ish jarayonidan biroz chalg‘ish, hamkasblar bilan samimiy suhbatlashish va birgalikda dam olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Tog‘oldi hududining musaffo havosi, go‘zal tabiati va dam olish uchun yaratilgan qulay sharoitlar xodimlarning kayfiyatini ko‘tarib, ularga yangi kuch va ijobiy taassurotlar bag‘ishladi.
Bunday tadbirlar nafaqat xodimlarning mazmunli dam olishini ta’minlaydi, balki jamoada do‘stona va sog‘lom muhitni shakllantirish, hamkasblar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash hamda mehnat jarayonida yuqori kayfiyat bilan faoliyat olib borishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ushbu sayohat Samarqandning yangi turistik maskanlari bilan yaqindan tanishish, hududning turizm va rekreatsiya imkoniyatlarini o‘rganish nuqtayi nazaridan ham ahamiyatli bo‘ldi. Bu jihat “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti jamoasi uchun ayniqsa muhim bo‘lib, universitet faoliyatining turizm sohasi bilan bevosita bog‘liqligini yana bir bor namoyon etadi.
Kasaba uyushmasi tomonidan tashkil etilayotgan bunday tadbirlar universitet xodimlarining nafaqat mehnat faoliyatini, balki ularning mazmunli dam olishi va ijtimoiy hayotini ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shu kabi tashabbuslar kelgusida ham davom ettirilib, universitet jamoasi uchun yanada ko‘proq madaniy-ma’rifiy, sport va dam olish tadbirlarini tashkil etishga xizmat qiladi.