Universitetimiz vakillari Xitoyda xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda
Universitetimizning Raqamli ta’lim texnologiyalari va masofaviy ta’lim markazi mutaxassislari Muhammad Safarov va Salohiddin Nuridinov Xitoyda tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
2026-yil 13-sentabrdan Gansu provinsiyasidagi Shimoli-g‘arbiy pedagogika universitetida “Sun’iy intellekt texnologiyalari orqali Markaziy Osiyoda ta’lim yetakchiligini rivojlantirish va raqamli ta’lim industriyasi bilan hamkorlik” mavzusidagi dastur o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning ta’lim sohasi boshqaruv organlari hamda oliy ta’lim muassasalaridan 27 nafar vakil ishtirok etmoqda.
Dastur doirasida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarning ta’lim tizimidagi o‘rni, ta’limni raqamlashtirish strategiyalari, oliy ta’limda AI texnologiyalaridan foydalanish, “aqlli kampus”larni rivojlantirish hamda pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini oshirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilar Xitoyning yetakchi oliy ta’lim va ilmiy muassasalari, texnologik markazlari hamda madaniy maskanlari faoliyati bilan tanishmoqda.
Jumladan, Shimoli-g‘arbiy pedagogika universiteti huzuridagi tegishli ta’lim va ilmiy markazlar, milliy virtual simulyatsiya tajriba markazi, Lanzhou resurslar va atrof-muhit kasb-hunar universiteti, “Ipak yo‘li axborot porti” kompaniyasi, Dunxuan san’at muzeyi, Gansu provinsiyasi muzeyi hamda Gansu bambuk va yog‘och lavhalar muzeyiga tashriflar rejalashtirilgan.