“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Kelajak rukni” doirasida “Biz zo‘ravonlikka qarshimiz” mavzusida ma’rifat darsi tashkil etildi. Tadbirda universitet inspektori Sh. Qurbonov, xotin-qizlar kengashi raisi M. Abbasova, tyutorlar Sh. Nurmatov, G. Mirzakobilova hamda “Yozma va og‘zaki tadqiqotlar” kafedrasi o‘qituvchisi D. Ma’rupova faol ishtirok etishdi. Mazkur ma’rifat darsida talabalar o‘rtasida zo‘ravonlikka qarshi kurashish, mehr-oqibatni kuchaytirish va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan muhim fikrlar bildirildi. Ishtirokchilar zo‘ravonlikning inson hayoti, jamiyat barqarorligi hamda ruhiy holatga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri haqida chuqur mulohaza yuritishdi. Davra suhbati shaklida davom etgan uchrashuvda talabalarga zo‘ravonlikning turlari va uning oqibatlari, kelib chiqadigan muammolarni tinch yo‘l bilan hal etish yo‘llari, shuningdek, o‘zaro hurmat va empatiya madaniyatining ahamiyati yuzasidan foydali tavsiyalar berildi. Uchrashuv yoshlar ongida bag‘rikenglik, tinchliksevarlik va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.