“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida tashkil etilgan “Yosh gidlar maktabi” doirasidagi “Yosh gidlarni tayyorlash” nomli qisqa muddatli o‘quv kurslari o‘z faoliyatini boshladi.
Kursning ilk kunida loyiha tashkilotchilari tomonidan tinglovchilarga ushbu dastur mazmuni, o‘quv jarayonining bosqichlari hamda rejalashtirilgan amaliy mashg‘ulotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar bilan tanishuv, dastlabki nazariy mashg‘ulotlar va guruh ishlari ham tashkil etildi.
Ushbu kurslar 30 kun davom etib, dastlabki 15 kunida tinglovchilarga nazariy bilimlar beriladi, keyingi 15 kun davomida esa amaliy stajirovka mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur o‘quv kurslari yoshlarda turizm sohasi va madaniy meros obyektlari bo‘yicha gid-ekskursovodlik faoliyatini olib borish uchun zarur bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar xorijiy mehmonlar bilan samarali muloqot qilish, ekskursiyalarni tashkil etish usullari, nutq madaniyati kabi muhim yo‘nalishlarda nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladilar.