“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida talabalar faolligini oshirish, ularning universitet boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish hamda talabalar manfaatlarini samarali ifoda etish maqsadida Talabalar Parlamenti Prezidentligi uchun saylov jarayonlari rasman boshlandi. Saylov jarayoni doirasida nomzodlar tomonidan o‘z saylovoldi dasturlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu dasturlar yaqin kunlarda universitet talabalar jamoasiga keng va ochiq tarzda taqdim etiladi. Har bir nomzod o‘zining g‘oyalari, tashabbuslari hamda universitet hayotini rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflari bilan ishtirok etadi. Shuningdek, saylov jarayonlarining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash maqsadida nomzodlar o‘rtasida ochiq saylovoldi debatlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu debatlar talabalar uchun nomzodlarning dasturlari bilan yaqindan tanishish, savollar berish hamda eng munosib nomzodni tanlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Talabalar Parlamenti Prezidentligi saylovlari universitet talabalari uchun muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon bo‘lib, u yoshlarning faolligi, yetakchilik salohiyati va mas’uliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Universitet jamoasi barcha nomzodlarga muvaffaqiyat tilagan holda, ushbu jarayonlarda talabalar faol ishtirok etishini kutib qoladi. Universitet kelajagini birgalikda yaratamiz!