Oliy ta’limda sifatni ta’minlash: strategiyadan samarali amaliyot sari
Joriy yilning 12-may kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Yevropa Ittifoqi hamkorligidagi QUARTZ (“Quality Assurance for Reform and Transformation of HEIs in Uzbekistan”) loyihasi doirasida “Strategiyadan amaliyotga: Oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash (QA) jarayonlarini joriy etish” mavzusida xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati va sifatni ta’minlash tizimini takomillashtirish, zamonaviy baholash mezonlarini joriy etish hamda xalqaro tajribalarni o‘rganishga bag‘ishlandi.
Seminar davomida quyidagi masalalar muhokama qilindi:
Oliy ta’limda sifat va sifatni ta’minlash tamoyillari;
Sifatni ta’minlash (QA) bo‘yicha strategik, operatsion va qo‘llab-quvvatlovchi jarayonlarni ishlab chiqish;
“Uchinchi missiya” va boshqaruvda sifatni ta’minlash ko‘rsatkichlari va o‘lchovlari: Sifatni ta’minlash (QA) bo‘limining roli;
Sifatni ta’minlash (QA) strategiyasini tatbiq etish: amaliyotdan natijadorlikka, natijadorlikdan mukammal ta’lim muhitiga o‘tish.
Tadbirda Italiyaning L'Aquila universiteti hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari va mutaxassislari ma’ruza bilan ishtirok etishdi.