“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti xalqaro ta’lim hamkorligini kengaytirish borasida yana bir muhim qadamni amalga oshirdi. Kappadokiya Universitetining Gastronomiya va Oshpazlik San’ati kafedrasi yetakchi o‘qituvchisi Melih İzci 2025-yil 3–14-noyabr kunlari ORHUN akademik almashinuv dasturi va faoliyat protokoli doirasida universitetimizda dars mashg‘ulotlarini olib bordi. Mazkur tashrif universitetimizning Turizm fakulteti bilan hamkorlikda samarali tashkil etildi. Melih İzci o‘quv jarayoniga nafaqat nazariy ma’ruzalar, balki amaliy oshpazlik darslari, gastronomik master-klasslar va jonli pishirish jarayonlarini ham olib kirdi. Darslar davomida talabalar turli milliy va xalqaro oshxonalar tamoyillari, zamonaviy texnologiyalar asosida taom tayyorlash, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda gastronomik innovatsiyalar bo‘yicha chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar. Melih İzciyning mazkur tashrifi nafaqat talabalarning kasbiy mahoratini oshirdi, balki universitetlar o‘rtasidagi ilmiy-uslubiy hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qildi.