Maxsus imkoniyatlar
Shrift
Kontrast
Ovoz
logo "Ipak yo'li" turizm va madaniy meros xalqaro universiteti

BOLALAR FAROVONLIGI — KELAJAK UCHUN SARMOYA: XALQARO SAMMITDAN TAASSUROTLAR

22.10.2026 1 daq o'qish 86

BOLALAR FAROVONLIGI — KELAJAK UCHUN SARMOYA: XALQARO SAMMITDAN TAASSUROTLAR

21–22-oktabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan “Bolalar farovonligiga sarmoya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli rivojlanish sari” (Investing in Children’s Wellbeing) xalqaro sammiti bolalar hayotini yaxshilashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, davlat siyosati va xalqaro hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydonga aylandi.

Sammit doirasidagi “Bolalar farovonligi uchun dalillarga asoslangan yondashuv: kelajak avlodlar uchun tadqiqotlar, tajriba va hamkorlik” sessiyasiga universitetimiz rektori Muxsinjon Xolmuxamedov moderatorlik qildi. Sessiya turli mamlakatlarda bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish va samarali davlat siyosatini shakllantirishda ilmiy dalillarning o‘rni haqida fikr almashish imkonini berdi.

Muhokamalarda Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Najy Benhassine, Misr Milliy bolalik va onalik kengashi prezidenti doktor Sahar El-Sonbaty, J-PAL Europe tadqiqot va operatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Adrien Pawlik hamda O‘zbekiston Milliy ijtimoiy himoya agentligi huzuridagi Social Policy Lab direktori Xurshid Zafari ishtirok etdi. Ularning tajribasi bolalar farovonligini ta’minlashda xalqaro tajriba, puxta tadqiqotlar va davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik naqadar muhimligini ko‘rsatdi.

Sessiyaning alohida e’tiborga molik jihatlaridan biri — ilmiy tadqiqotlarning amaliy muammolar bilan bog‘liqligi bo‘ldi. J-PAL Europe tadqiqotchisi Dilnovoz Abdurazzakova qizlar va o‘g‘il bolalarning kasb tanlashi hamda ta’lim yo‘nalishlarini belgilashidagi farqlarga bag‘ishlangan tadqiqotini taqdim etdi. Bunday izlanishlar yoshlarning kelajagini shakllantiruvchi omillarni chuqurroq tushunish, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish va qarorlarni aniq dalillar asosida qabul qilish uchun muhim ahamiyatga ega.

Tadbir davomida Uzbekiston–Columbia Center for Advancing Community Strengths and Social Wellbeing markazi dastur direktori Lyudmila Kim bilan ham mazmunli suhbat bo‘lib o‘tdi. Ijtimoiy xizmatlar sohasidagi tadqiqotlarga qiziquvchilar uchun volontyorlik imkoniyatlari haqida fikr almashildi. Universitet vakillari markaz vakillarini universitetga taklif etib, kelgusida ilmiy izlanishlar va hamkorlik tashabbuslarini rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Bunday xalqaro uchrashuvlar yangi bilimlar bilan bir qatorda, yangi g‘oyalar, kasbiy aloqalar va hamkorlik imkoniyatlarini ham taqdim etadi. Ular talabalar, yosh tadqiqotchilar va o‘z sohasida yangilik yaratishga intilayotgan mutaxassislarga global muammolarga kengroq nigoh bilan qarash, yetakchi ekspertlar tajribasini o‘rganish va o‘z tashabbuslarini ilgari surish imkonini beradi.

Bolalar farovonligi masalasi barchamizning kelajagimiz bilan chambarchas bog‘liq. Uni yaxshilash esa ilmiy bilim, mas’uliyatli qarorlar va birgalikdagi harakatlarni talab etadi. Samarqanddagi ushbu sammit ana shu maqsad yo‘lida muloqot va hamkorlikning naqadar muhimligini yana bir bor namoyon etdi!

Galereya

Ulashish: