Samarqand viloyatiga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar oqimining demografik tarkibini tahlil qilish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, tashrif buyuruvchilarning asosiy qismini Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari, xususan, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston aholisi tashkil etadi.
Sayyohlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida Samarqand tumani hududida joylashgan tarixiy-madaniy yodgorliklar, arxeologik obyektlar hamda diqqatga sazovor maskanlar to‘g‘risida axborot beruvchi targ‘ibot materiallari ishlab chiqildi. Ushbu bukletlar o‘zbek, qirg‘iz, tojik va qozoq tillarida tayyorlangan bo‘lib, hududning boy tarixiy-madaniy merosi hamda turistik salohiyatini keng yoritishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur bukletlar asosida sayyohlarga mo‘ljallangan, hududning asosiy turistik obyektlariga tashrifni qamrab oluvchi 1 kunlik va 3 kunlik turistik paketlar ishlab chiqildi. Ushbu paketlar sayyohlarning Samarqand tumanidagi madaniy va tarixiy meros bilan tizimli va qulay tarzda tanishish imkoniyatini ta’minlashga yo‘naltirilgan.