Garvard yetakchi yoshlar sammitining to‘rtinchi kuni: “Orzudan imkoniyatga” sari yana bir qadam
Samarqandda ilk bor tashkil etilgan Garvard yetakchi yoshlar sammitining to‘rtinchi kuni yoshlar uchun haqiqiy intellektual marafonga aylandi. Kun davomida Garvard universiteti talabalari, universitet va Prezident maktabi o‘quvchilari birgalikda “Impact Challenge” mashg‘ulotlarini o‘tkazdilar. Ishtirokchilar nafaqat loyihalarini taqdim etdilar, balki ularni uyushqoqlik, erkin bahs va jonli munozaralar bilan boyitdilar.
Markaziy Osiyoda birinchi marta “Orzudan imkoniyatga: Garvard Samarqandda!” shiori ostida tashkil etilgan sammit odatdagi rasmiy uchrashuvlardan butunlay farqli, erkin va innovatsion ruhdagi noan’anaviy muhitda o‘tdi. Dunyo ilm-fani cho‘qqisi bo‘lmish Garvard universiteti va mahalliy universitetning eng porloq, zukko talabalari hamda Prezident maktabi o‘quvchilari bir stol atrofida to‘planib, chinakam “fikrlar bo‘ronini” yaratdilar.