Universitetimizda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik bo‘yicha o‘quv seminari o‘tkazildi
13-oktabr — Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni munosabati bilan kuni universitetimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.
Tadbirda Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazi bo‘lim boshlig‘i, kapitan Muhiddin Keldiyarov va markaz o‘qituvchisi Sanjar Adilov qatnashdi.
Mutaxassislar sel va ko‘chki kabi tabiiy ofatlar, zilziladan oldin, zilzila vaqtida va undan keyin bajarilishi lozim bo‘lgan xavfsizlik qoidalari haqida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, o‘tgan yillarda yuz bergan tabiiy ofatlar, jumladan, Turkiyada sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatlari misolida tegishli tavsiyalar berildi.
Tadbirda yong‘in xavfsizligi masalalari ham keng yoritildi. Universitetning mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Z. Axrorov yong‘in kelib chiqishining asosiy sabablari, uning oldini olish choralari, isitish mavsumida is gazidan zaharlanish xavfi hamda birlamchi o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish tartibi haqida tushuntirish berdi. Bundan tashqari, universitet binosidagi evakuatsiya yo‘nalishlari, chiqish eshiklari va zinapoyalardan xavfsiz foydalanish qoidalari bayon etildi.