E’LON
“UPGRADE DOCTORATE” — XALQARO MENTORLIK ASOSIDAGI 1 YILLIK ILMIY RIVOJLANTIRISH DASTURI
Hurmatli professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar!
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tomonidan professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni xalqaro ilmiy hamjamiyatga integratsiya qilish hamda xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Upgrade Doctorate – International Research Upgrade Programme” dasturi ishlab chiqilgan.
🎓 Dastur nimalarni taklif etadi?
Dastur doirasida ishtirokchilar:
xalqaro va mahalliy mentorlar bilan ishlaydi;
ilmiy metodologiya va akademik yozuv bo‘yicha individual qo‘llab-quvvatlanadi;
Scopus va Web of Science jurnallarida ilmiy maqola tayyorlash va nashr etish ko‘nikmalarini rivojlantiradi;
qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro ilmiy hamkorlikda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
52 haftalik ilmiy-amaliy webinarlarda qatnashadi.
📚 52 haftalik dastur bosqichlari
Dastur 4 asosiy bosqichni qamrab oladi:
1-bosqich — Tadqiqotchining boshlang‘ich diagnostikasi va ilmiy yo‘nalishini belgilash (1–13-haftalar)
Tadqiqot mavzusi, muammosi, maqsad va vazifalari, ilmiy savollari hamda konsepsiyasi shakllantiriladi.
2-bosqich — Adabiyotlar tahlili va konseptual asos (14–26-haftalar)
Scopus, Web of Science va Google Scholar bazalaridan foydalanish, ilmiy manbalarni tahlil qilish, research gap va ilmiy yangilikni aniqlash bo‘yicha ko‘nikmalar shakllantiriladi.
3-bosqich — Tadqiqot metodologiyasi va ma’lumotlar bilan ishlash (27–39-haftalar)
Tadqiqot dizayni, sampling, so‘rovnoma va intervyu vositalari, validatsiya, ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish hamda tadqiqot etikasi masalalari o‘rganiladi.
4-bosqich — Ilmiy maqola, nashr va tadqiqot natijalarini ommalashtirish (40–52-haftalar)
Xalqaro standartlarga mos maqola tayyorlash, mos jurnalni tanlash, maqolani yuborish, reviewer fikrlariga javob berish va ilmiy natijalarni xalqaro konferensiyalarda taqdim etish ko‘nikmalari rivojlantiriladi.
⭐️ “2 → 20” modeli
Dastur “2 → 20” modeli asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, har bir oliy ta’lim muassasasidan har yili kamida 2 nafar istiqbolli professor-o‘qituvchini dasturga jalb etish orqali 10 yil davomida 20 nafar xalqaro darajadagi tadqiqotchi va ilmiy mentorni shakllantirish ko‘zda tutilgan.
📈 Kutilayotgan natijalar
Dastur yakunida ishtirokchilar xalqaro darajadagi ilmiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishi, ilmiy maqola loyihasini tayyorlashi, ilmiy portfolio va keyingi rivojlanish rejasiga ega bo‘lishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, dastur orqali xalqaro mentorlik tizimini rivojlantirish, Scopus va Web of Science bazalarida maqolalar sonini oshirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish hamda yangi avlod ilmiy mentorlarini tayyorlash maqsad qilingan.
ℹ️ Muhim ma’lumot
Dastur ixtiyoriy asosda tashkil etiladi. Dastur pullik xizmat asosida amalga oshirilishi mumkin bo‘lib, xarajatlar universitet yoki ishtirokchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanishi mumkin.
Batafsil ma’lumot uchun dastur konsepsiyasi va 52 haftalik webinarlar jadvali bilan tanishishingiz mumkin.
📎 Ilovalar:
“Upgrade Doctorate” dasturi konsepsiyasi
“Upgrade Doctorate” dasturining 52 haftalik ilmiy-amaliy webinarlar jadvali