2025-yil 30-iyunda “Yoshlar kuni” tadbirining uzviy davomi sifatida Samarqand turizm markazida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi tantanali ravishda o‘tkazildi.
Bayram tadbirida universitet rahbariyati, yirik ish beruvchi tashkilotlar vakillari, 2024–2025-o‘quv yilida bakalavriat va magistratura ta’lim bosqichlarini muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Joriy yilda universitetni kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida 120 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida 145 nafar hamda magistratura bosqichida 185 nafar talaba muvaffaqiyatli tamomladi. Shu bilan birga, 16 davlatdan kelgan 66 nafar xorijiy talaba ham diplomga ega bo‘lishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan universitet rektori Aziz Abduxakimov barcha bitiruvchilarning kelgusidagi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi. Rektor o‘z nutqida so‘nggi o‘quv yilida universitet tomonidan erishilgan yutuqlar, xalqaro hamkorlikdagi loyihalar va bitiruvchilarning yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘z yuritdi.
Bugun mamlakatimizning turizm va madaniy meros sohalarida aynan ushbu universitet bitiruvchilari fidokorona mehnat qilib, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda. Quvonarlisi, iste’dodli bitiruvchilarimizdan Sabina Mustafaqulova va Albina Xoliyevalar dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan o‘rin olgan Buyuk Britaniyaning Glazgo universitetining magistratura bosqichiga qabul qilindilar. Shuningdek, yana to‘rt nafar bitiruvchi Xitoydagi mashhur Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tadbir davomida bitiruvchilar o‘z minnatdorchiliklarini bildirar ekan, ularni ilm yo‘lida yetuk shaxs sifatida tarbiyalagan ustozlarga, universitet jamoasiga chuqur ehtirom izhor etdilar.
Marosim yakunida barcha bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.